O‘zbekiston Milliy kutubxonasida kutubxona menejmenti bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

2018 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi direktori Munalbaeva Umutkan Daurenbekovna tashrif buyurdi. Tashrif doirasida kutubxona rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek u kutubxona mutaxassislari uchun kutubxona menejmenti bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi.

U.Munalbaevani qutlar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Abduazizov xalqlarimizning qo‘shnichilik munosabatlarini va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi o‘rtasida rivojlanib borayotgan samimiy aloqalarni alohida ta’kidladi. “O‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalari tobora kuchayib borayotgani quvonarlidir. Bu bizga iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun yanada yaqinroq ish olib borishga imkon beradi. Axir, bizning xalqlarimiz ajralmas, bizni qarindosh-urug‘lik munosabatlari va ko‘p asrlik urf-odatlar va an’analar uyg‘unligi bog‘lab kelmoqda. Bugun biz Sizni kutubxonamizda ko‘rishdan mamnunmiz va Sizga katta ma’naviy tuhfa uchun o‘z minnatdorligimizni bildiramiz”.

Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi direktori U.Munalbaeva do‘stlik va hamjixatlik ruhida barqaror taraqqiy etib borayotgan o‘zbek-qozoq xalqlarining urf-odatlari va an’analarining o‘zaro yaqinligi, tarixi, madaniyati va qadriyatlarining o‘xshashligi haqida gapirdi. “O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarining tili, urf-odatlari, tarixi, madaniyati va qadriyatlari tarixi uzoq o‘tmishga ega. Umid qilamizki, biz birgalikda imzolagan Memorandum qadimiy aloqalarimizni qaytadan tiklashga zamin yaratadi, kutubxonalarimiz o‘rtasida kitob almashinuvini amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan bugun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga turkiyshunoslik va turkiyshunoslik tarixini o‘rganishga, Abay hayoti va ijodiga bag‘ishlangan, intellektual maktablar hamda qozoq xalqining milliy madaniy qadriyatlari va adabiy merosi bilan tanishtiruvchi kitoblarni tuhfa  etishga ijozat bergaysiz”.

U.Munalbaeva kutubxona mutaxassislari uchun kutubxona menejmenti bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi. “Bugungi kunda kutubxona mutaxassisining kasbiy ta’lim darajasiga va uning yangilanib borayotgan bilim va intuitsiyasiga talablar tobora yuqori qo‘yilayotgan bir paytda, sohada muayyan me’yorlar va qoliplar bo‘lmagan yangicha fikrlash tarzi va soha xodimlarining kasb mahorati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Kutubxonani yangilash va uning raqobatdoshligini oshirishda kutubxona menejmenti (boshqaruvi) alohida o‘rin tutadi. Kutubxonani boshqarishning o‘ziga xosligi amaliy muammolarni yangicha yondoshuv bilan hal etilishidadir. Kutubxona menejeri aslo rahbar bo‘lishi shart emas, bu - kutubxonada erishilgan natijalarga o‘z hissasini qo‘shish uchun mas’uliyat hissi bo‘lgan shaxsdir”.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari U.Munalbaevaga interfaol uslubda o‘tilgan mahorat darsi uchun minnatdorlik bildirdilar va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati