O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi "O‘zbekiston buyuk allomalar Vatani” kitobi bilan boyitildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi 2016 yilda “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan, 152 bet hajmda chop etilgan “O‘zbekiston buyuk allomalar Vatani” nomli kitob bilan boyitildi.

“O‘zbekiston buyuk allomalar Vatani” kitobi kitobxonlarni milliy adabiyotimiz asoschilari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz, ilm-fan, adabiyot va san’at fidoiylari bilan tanishtiradi va ularda ajdodlarimiz merosi va milliy ma’naviyatimizga faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otib, buyuk bobolarga munosib avlod bo‘lib yetishishga undaydi. Kitobda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning hozirgi eng muhim, dolzarb vazifalari – yosh avlodni kamol toptirish, uning qalbida milliy g‘oya, milliy mafkura, o‘z Vataniga mehr-sadoqat tuyg‘usini uyg‘otish, o‘zligini anglash,  yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan  nutqlari va kitoblaridan iqtibozlar olingan.

Kitob to‘qqiz bobdan iborat bo‘lib, unda O‘zbekistonning Mustaqillikka erishish tarixi, milliy ma’naviy merosimiz, Vatanimizning buyuk allomalari, milliy adabiyotimiz asoschilari, buyuk ma’rifatparvar-jadidchiliq harakati vakillari, ilm-fan, adabiyot va san’at fidoiylari haqida hikoya qilinadi.

Shuningdek, bu yerda yoshlarning har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib yetishishida, ularning fuqarolik pozitsiyasini, o‘z fikrini erkin bayon eta olish ko‘nikmasini va Vatanimiz kelajagi uchun javobgarlik hissini shakllantirishda mahalla va oilaning ahamiyati belgilab berilgan.  

T.f.d., professor S. Nosirxo‘jaev va f.f.d., professor S.A’zamxo‘jaevalarning “O‘zbekiston buyuk allomalar Vatani” deb nomlangan kitobi ko‘rgazmali va izohli ma’rifiy-uslubiy qo‘llanma bo‘lib, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining sinfda, sinfdan tashqari, shuningdek, oila davrasida o‘qishlari uchun mo‘ljallangan.