O‘zbekiston Milliy kutubxonasida amerikalik “Exchange” guruhi ijodkorlari bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2016 yil 7 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida amerikalik “Exchange” guruhi ijodkorlari bilan “Yangi  avlod musiqasi – vokal musiqasida pop va djaz” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 5-11 aprel kunlari Amerikaning “The Exchange” vokal guruhi o‘zaro g‘oyalar va madaniyatlar almashinuvini maqsadida O‘zbekiston bo‘ylab san’at safarini amalga oshirmoqda. “The Exchange” guruhining yurtimizga safari YuNESKO shafeligida o‘tkaziladigan O‘zbekistondagi xalqaro jaz festivalining tarkibiy qismidir.

“The Exchange” besh nafar yigitdan iborat bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos ovoz va uslubga ega. Bu “akapella” guruhi sanalib, u cholg‘u jo‘rligisiz qo‘shiqlar kuylaydi, ijroda xilma-xil musiqiy usullar -  ritm va blyuz, rok, gospel, opera va hip-hopni qorishtiradi. Uning tovushida har doim u qadar maromiga yetmagan, ammo jo‘shqin insoniy ovozni ilg‘aydi kishi. Ansambl a’zolari quyidagilar: Eyron Sperber, Alfredo Ostin, Kristofer Diaz, Jamal Mur va Richard Steyner. “The Exchange” butun dunyo bo‘ylab gastrollar uyushtirgan. Guruh tashrifi AQSh Davlat departamentining amerikacha musiqiy janrlarni xalqaro madaniy almashuv tashabbuslari orqali namoyish etuvchi “Amerika musiqasi xorijda” dasturi doirasida tashkillashtirilgan.

Ingliz tilida o‘tgan   ijodiy uchrashuvda ishtirokchilar mehmonlarning shahar bo‘ylab sayohatiga doir, xush kelgan o‘zbek taomlari, qaysi o‘zbek cholg‘ulari bilan tanishgani kabi o‘zlarini qiziqtirgan mavzularda savollar bilan murojaat etdilar. Shuningdek, ijodkorlarga ularning san’atiga, kasbiga, kuylash uslubi va texnikasiga, guruhning konsert repertuari va ijodiy rejalariga dahldor savollar berildi.

Guruh qatnashchilari ingliz tilida mukammal so‘zlashayotgan uchrashuv ishtirokchilarining bilimlariga tasannolar aytdilar va shahar bo‘ylab sayohatdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. “Menga, ayniqsa, Toshkent teleminorasi judaham yoqdi. U yerdan yam-yashil daraxtlar va gullarga burkangan shaharga juda go‘zal manzara ochilar ekan, toza va shinam ko‘chalar va uylar mening e’tiborimni tortdi”, dedi Alfredo Ostin. Richard Steyner esa doira, karnay va surnay kabi milliy cholg‘alar bilan tanishgani haqida so‘zlab berdi. “Doira bizning barabanga o‘xshash tovush chiqargani bilan uning ixcham va qulayligi meni hayratga soldi, karnay va surnay navolari esa qalbimdan chuqur joy olgani shubhasiz”. Mehmonlar, shuningdek, qisqa muddatda yodlarida qolgan o‘zbek so‘zlarini esladilar. “Biz nafaqat millatlar madaniyati, balki o‘z til boyligimizni ham boyitib boramiz. Masalan, “sho‘rva”, “palov” va “besh” so‘zlari menga hamisha serquyosh O‘zbekistonga qilgan tashrifimizni eslatib turadi”, dedi Jamal Mur.

“The Exchange” vokal guruhi qatnashchilari ishtirokchilarga o‘z repertuarlaridan o‘rin olgan qo‘shiqlardan kuylab berdilar. Kutubxona foydalanuvchilari esa o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va tashkil etilgan ijodiy uchrashuvdan mamnun bo‘ldilar.