O‘zbekiston  Milliy  kutubxonasida «Diniy ekstremistik oqimlar, missionerlik, ommaviy madaniyat bilan bog‘liq mafkuraviy tahdidlarning oldini olish» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2016 yil 6 aprel kuni O‘zbekiston  Milliy  kutubxonasida «Diniy ekstremistik oqimlar, missionerlik, ommaviy madaniyat bilan bog‘liq mafkuraviy tahdidlarning oldini olish» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari Idorasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi vakillari, OTM professor-o‘qituvchilari, talabalari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar. 

Tadbirning maqsadi yoshlarimizga islom dinining asl mohiyatini, turli g‘arazli oqimlar va harakatlarning tinchlikka va havfsizlikka solayotgan tahdidi, ulardan yoshlarimizni muxofaza qilish, buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘llari hamda boy ma’naviy-ma’rifiy meroslarini asrab-avaylashga qaratilgan. Tadbir avvalida “Akromiylar – poyoniga yetmagan yo‘l” deb nomlangan, ko‘r-ko‘rona turli diniy oqimlarga qo‘shilib qolib, adashgan, hatosiga iqror bo‘lgan va haq yo‘lga qaytganlar haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

 

Davra suhbatida Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi bosh mutaxassisi Irgash Daminov, Toshkent Islom universiteti rektori Xaydarxon Yo‘ldoshxo‘jaev, “Movarounnahr” nashriyoti mas’ul xodimi Ilhom Ma’rupov, f.f.n. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti dotsenti Muzaffar Artiqov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti katta o‘qituvchisi Abduxoliq Tashanovlar so‘zga chiqib, diniy ekstemistik tashkilotlarining paydo bo‘lishi, dunyoda islom niqobi ostida olib borilayotgan qo‘poruvchilik harakatlar, Markaziy Osiyo mintaqasida missionerlik faoliyatini yuritishga intilayotgan diniy tashkilotlar, yoshlar o‘rtasida “islomiylashuv” jarayonlarini hamda diniy-ekstremistik  oqimlar, “ommaviy madaniyat” tushunchasi haqida so‘zladilar. Shuningdek, tadbirda ijtimoiy tarmoqda muloqot qilish tartiblarini o‘rgatish, yoshlarning media savodxonligini yuksaltirish va ko‘ngilochar saytlardagi axborotlardan to‘g‘ri foydalanish etikasini shakllantirish maqsadida olib borilishi lozim bo‘lgan chora tadbirlar haqida so‘z bordi. 

Tadbir ishtirokchilari hozirgi kunda yoshlarning   jamiyatdagi faolligini oshirish, intellektual salohiyatini rivojlantirish, shu orqali mamlakatimizning tarraqiyoti yo‘lida o‘z hissasini qo‘shib yashashlariga, uning tinchligi, osoishtaligi uchun ma’sulliklarini yana bir bor ta’kidladilar.

Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi olim va mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati