O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ajdodlar xotirasi - muqaddasdir” mavzusida bibliografik sharx va ko‘rgazma

2019 yil 23 avgust kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Tafakkur” o‘qish zalida Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan bibliografik sharh hamda “Ajdodlar xotirasi - muqaddasdir” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada qatag‘on qurbonlarining ayanchli taqdirlari haqida hikoya qiluvchi kitoblar taqdim etilgan.

 

Bibliografik sharhni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti muharriri Davron Mansurov olib bordi. “Xalqimizning minglab fidoyi va matonatli o‘g‘il-qizlarining qahramonliklarini yod etish, haqiqat va adolatni tiklash, zamondoshlarimiz, xususan, o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbi va ongida o‘tganlar xotirasiga hurmat va ehtirom tuyg‘usini tarbiyalash, istiqlol yillarida milliy qadriyatlarni tiklash, tariximizni xolis va haqqoniy o‘rganish, nohaq unutilgan tarixiy siymolar xotirasini e’zozlash, madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga hissa qo‘shgan ijodkorlar faoliyatini, ularning boy ma’naviy merosini tadqiq etish, targ‘ib va tashviq qilish, tarixiy adolatni qaror toptirish maqsadida 2001 yildan buyon xar yili  31 avgust Qatag‘on qurbonlarni yod etish kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda”, - deya ma’lumot berdi D.Mansurov.

 

El-yurtimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning nomlarini qayta tiklash, xotirasini abadiylashtirish maqsadida poytaxtimizda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi bunyod etildi. Hozirgi kunda mustamlakachilik davrida milliy istiqlol va taraqqiyot yo‘lidagi intilishlari uchun nohaq jabr ko‘rgan vatandoshlarimizning ism-shariflarini aniqlash, tarjimai hollari va faoliyatlarini o‘rganish, ularning xotiralarini abadiylashtirish maqsadida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Mazkur ko‘rgazmada xalqimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning ayanchli hayoti haqida hikoya qiluvchi “Qatag‘on qurbonlari”, “Mustabid tuzumning O‘zbekiston Milliy boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari”, “Tarixning noma’lum sahifalari”, “Qishlok fojeasi”, “Turkiston jadidchilik harakati tarixidan”, “Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar”, “Xalk xotirasi oldida bosh egamiz” kabi kitoblar, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Fayzulla Xo‘jaev, Munavvar Qori Abdurashidxonov, Vadud Mahmud, Abdulla Avloniy kabi jadidchilik harakati vakillari, madaniyat arboblari va o‘zbek ziyolilari xotirasiga bag‘ishlangan kitoblar hamda badiiy asarlar o‘rin olgan.  

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati