O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan “Mustaqillik-eng ulug‘ ne’mat” nomli davra suhbati

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida bir qator ma’naviy-ma’naviy tadbirlar tashkil etmoqda. Bular: “O‘zbekiston-jonajon yurtim!” deb nomlangan ko‘rgazma, “Rodina moya – Uzbekistan” rus tilida, “O‘zbekiston jahon hamjamiyatida” o‘zbek tilida film namoyishi, "Mustaqillik-eng ulug‘ ne’mat” mavzusida davra suhbati va boshqalar.

 

2019 yil 23 avgust kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida “Mustaqillik-eng ulug‘ ne’mat” nomli davra suhbati va “O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim” deb nomlangan kitob taqdimoti o‘tkazildi.  Tadbirda tarix fanlari doktori, professor Ziyaeva Dono Xamidovna hamda tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodim Irzaev Baxrom Shaymamatovichlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

 

Tarix fanlari doktori, professor D.Ziyaeva mustaqillik ne’matlari haqida gapirar ekan, respublikamiz mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarni alohida e’tirof etdi, mustaqillik e’lon qilinguniga qadar mamlakatda hukm surgan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ahvolni yodga oldi. Shuningdek u respublikamizning gullab-yashnashi, unda barqarorlik va osoishtalikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va islohotlar haqida so‘zladi. “Mustaqillik yillarida hayotimizning barcha jabhalarida mamlakatimiz katta zafarlarga erishdi, iqtisodiyot o‘z shaxsiy modernizatsiya modeli va mavjud salohiyati asosida rivojlandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan. Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston iqtisodiyotda, ichki va tashqi siyosatda  dadil qadamlar bosdi, yuzlab ishlab-chiqarish ob’ektlari foydalanishga topshirildi, yangidan-yangi zavod va fabrikalar ishga tushmoqda, yirik energetik ob’ektlar, avtomobil va temir yo‘l transport sistemalari, turar joy binolari va ijtimoiy inshootlar qurilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonning muvafaqiyatlari xalqaro nufuzli institutlar va jahon tashkilotlari tomonidan yuksak baholanib kelmoqda”, - dedi D.Ziyaeva.

 

Davra suhbati doirasida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi B.Irzaevning “O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim” monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim” monografiyasi muallifi B.Irzaev ilmiy izlanishlarining xalqimiz tarixining eng xasratli va mustamlakachilik davri, mustabid tuzumi haqida hikoya qilishini aytdi. “Bu kitobda arxiv va matbuot materiallari orqali jarayonning asl manzarasini ochib berishga harakat qilingan. Bunda kitobxonlar e’tiboriga XX asr o‘zbek milliy matbuotining “Ishtirokiyun”, “Turkiston”, “Farg‘ona”, “Zarafshon”, “Ozod Buxoro” gazetalari va “Armug‘on”, “Bilim o‘chog‘i”, “Yer yuzi”, “Maorif va o‘qituvchi” jurnallari sahifalarida chop etilgan maqola va xabarlar asl holatda – o‘zgartirish va tushuntirishlarsiz havola etilgan. Kitobdagi ko‘pgina suratlar undagi maqola va xabarlar singari ilk bor e’lon qilinmoqda”, - dedi muallif.

Davra suhbati ishtirokchilari ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati