O‘ZBEKISTON MILLIY KUTUBXONASIDA “O‘ZBEKISTON-JONAJON YuRTIM!” DEB NOMLANGAN KO‘RGAZMA

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi foyesida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida turkum tadbirlar doirasida “O‘zbekiston-jonajon yurtim!” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.

Ko‘rgazmada taqdim etilgan kitoblar va rasmlar kutubxona foydalanuvchilarini bunyodkor xalqimizning milliy o‘ziga xosligi, g‘ururi va qadriyatlari bilan yaqindan tanishtiradi. Ular mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan va fan, ta’lim, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, xalqaro munosabatlar, madaniyat va sport sohalaridagi iqtisodiy rivojlangan, tinch va osoishta demokratik jamiyat qurish imkoniyatini bergan ijobiy o‘zgarishlar haqida hikoya qiladi.

Ko‘rgazmada kitoblar bilan bir qatorda O‘zbekistonning Mustaqilligi e’lon qilinishiga zamin bo‘lgan tarixiy voqaelar, uning e’lon qilinishi, gerb, bayroq va madhiya kabi milliy ramzlarimizning, davlat mukofotlarining ta’sis etilishi haqidagi Qonunlar chop etilgan davriy nashrlar o‘rin olgan. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Davlat mukofotlari yurtimizdagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga katta hissa qo‘shgan, el­-yurt tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashda fidoyilik ko‘rsatgan, jamiyatimizning ijtimoiy-­iqtisodiy, ilmiy­-texnik va ma’naviy­-ma’rifiy hayotida alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan.

Mustaqillik yillarida mamlakatda jadal va mustaxkam rivojlanish sur’ati yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bunday ijobiy o‘zgarishlar axborot-kutubxona sohasida ham amalga oshirilmoqda. Ko‘rgazmada taqdim etilgan ma’lumotlar yangi davr kutubxonalari, respublikamiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh ustuvor yo‘nalishlar va besh tashabbusda yoshlar orasida mutolaa madaniyatini targ‘ib etishga qaratilgan e’tibor bilan tanishtiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ichida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondlarida saqlanuvchi ko‘plab tarixiy, publitsistik va badiiy adabiyotlar, davriy nashrlar, foto suratlar bilan tanishadilar hamda mamlakatimizda hukm surayotgan barqarorlik, erkin rivojlanish va xalq farovonligining ta’minlanishi haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati