O‘zbekiston Milliy kutubxonasi - abiturientlarga

Yana abiturientlar va ularning ota-onalari uchun eng qizg‘in palla keldi... Universitetlarda hujjatlarni qabul qilish jarayoni avjiga chiqqanda, O‘zbekiston Milliy kutubxonasining o‘quv zallarida talabalar kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Kasb tanlash eng muhim hayotiy qarorlardan biri hisoblanadi. Oliy o‘quv yurtini tanlagach, abiturientlar mutaxassislik fanlari bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘radilar. Bunday davrda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining o‘quv zallari  oliy o‘quv yurtlarga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan abiturientlar bilan gavjum.

Kimdir qoidalar va teoremalarni takrorlaydi, kimdir matematik masalalarni yoki boshqa fanlardan testlarni yechadi, kimdir kitob javonlari orasidagi yo‘laklarda o‘tirib kitob o‘qiydi yoki bir she’r yodlaydi, kimdir kutubxona qavatlari o‘rtasidagi maydonchalarda muammoli masalalarni yechish yo‘llarini muhokama qiladi va yana kimdir boshqasiga o‘qishga kirish jarayonining jihatlarini tushuntiradi...

“O‘zbekiston” o‘qish zalida kirish imtihonlarida abiturientlarga ko‘mak beradigan kitoblar, darsliklar, testlar to‘plamlaridan tashkil topgan “Abiturientlar e’tiboriga!” deb nomlangan ko‘rgazma taqdim etildi. Ko‘rgazmada turli fanlar bo‘yicha kirish imtihonlariga tayyorgarlik bo‘yicha yangi nashrlar hamda turli kasblar haqidagi dunyoqarashni kengaytiruvchi kitoblar bilan tanishish mumkin.

Biz ularning ba’zilarini suhbatga tortdik. Quyida sizlarni abiturientlar fikrlari bilan tanishtiramiz.

Xusniddin Zoyirjonov: “Meni texnika yo‘nalishi qiziqtirgani bois men Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tanladim. Hozirda fizika, matematika va chet tili bo‘yicha imtihonlarga tayyorgarlik ko‘ryapman. Shu maqsadida men har kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga kelaman. Men bu yerga tinch, salqin va barcha qidirgan adabiyotlar shu yerdan topilishi oson bo‘lganligi uchun kelaman”.

Abdulaziz Abduvoxidov: “Men jaxon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga o‘z hujjatlarimni topshirdim. Bu yerdagi katta bazadan o‘zimni qiziqtirgan iqtisod va siyosat sohalari bo‘yicha barcha adabiyotlarni topa olaman. Bu yer keng, yorug‘, hamma sharoitlar yaratilgan”.

Navro‘zbek O‘lanov: “Kutubxonada abiturientlar uchun sharoitlar mavjud: salqin, qulay, kerakli kitoblarni bemalol topib olamiz. Do‘stim Jahonov Alisher bilan bu yil Toshkent moliya universiteti talabasi bo‘lish niyatimiz bor”.

Xosiyat: “Bu yer juda tinch, bizning diqqatimizni jamlash uchun qulay joy. Buning ustiga boshqa abiturientlarning tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rib o‘zimizda ham shunday intilish sezamiz. Yana biz bu yerda tortishuvlar orqali turli muammoli savollarni muhokama qilamiz”.

Muhiddinov Muhriddin: “Biz uchun kutubxonada dars qilish juda qulay. Biz do‘stlarimiz bilan birgalikda matematikadan tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu yerda yaratilgan sharoitlar hamda o‘zimizda bo‘lmagan adabiyotlarni topishda yordam berayotgani uchun kutubxona xodimlariga rahmat aytaman”.   

Biz abiturientlarga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirishlarini tilab qolamiz va ularni kelajakda talaba sifatida foydalanuvchilarimiz safida ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz!

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati