O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasdiqlangan kunga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma

2019 yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Adolat” o‘qish zalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasdiqlangan kunga bag‘ishlangan “Vatan timsollari muqaddasdir” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.

Gerbimizdagi har bir chiziq, har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy ma’no bor. Gerbning markazidagi sharq afsonaviy qushi - Humo qadimdan baxt va davlat qushi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli hisoblangan. Hazrat Alisher Navoiy “Lisonut-tayr” dostonida Humo qushini baxt va iqbol, ezgulik va ulug‘vorlik keltiruvchi qush sifatida tasvirlagan. Gerbimizning yuqori qismida mamlakat jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Musamman ichida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Bu timsollar milliy an’ana va qadriyatlarimizning boqiyligi, ma’naviyatimiz yuksakligi, iroda va e’tiqodimiz mustahkamligi ramzi hisoblanadi.  Quyosh nurlari davlatimiz yo‘lini yorituvchi nurlarni anglatadi, shuningdek, respublikamizning o‘ziga xos tabiati va iqlim sharoitlariga ishoradir, zero O‘zbekiston dunyoda «serquyosh o‘lka» sifatida mashhur. Tog‘lar vodiysidan oqib tushayotgan ikkita daryo Markaziy Osiyoning eng uzun va eng yirik ikki daryosi - O‘zbekiston hududi orqali oqib o‘tadigan Amudaryo va Sirdaryoni ifodalaydi.  Tog‘lar va vodiylar tasvirlari baland tog‘larni (Tyan-Shan, Pomir-Oloy, Zarafshon va Turkiston tog‘ tizmalari va boshqalar) va shunga mos ravishda Farg‘ona vodiysi, Zarafshon vodiysi, Xorazm vohasi, Buxoro va boshqalar kabi O‘zbekistonning serhosil vodiylari va vohalarini tasvirlaydi. Bug‘doy boshoqlari non, farovonlik va to‘qchilik ramzi sanalsa, ochilgan paxta chanoqlari mamlakat qishloq xo‘jaligi boyligini aks etadi. Davlatimiz gerbining pastki qismida, bayrog‘imiz tasmasida zarhal harflar bilan barchamiz uchun aziz va muqaddas bo‘lgan “O‘zbekiston” so‘zi bitilgan.

Ko‘rgazmada “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonuning ta’sis etilishiga doir qonun hujjatlari, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi”,  O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri aks ettirilgan, uning yaratilish tarixi va ta’rifi bayon etilgan nashrlar va ilmiy maqolalar, gerb tasvirini o‘rganishga oid manbalar, davlatimiz gerbi to‘g‘risida yozilgan publitsistik maqolalar, she’rlar, ocherklar o‘rin olgan. Bular “Davlatimiz ramzlari”, “Men O‘zbekiston fuqarosiman”, “Mustaqil yurtimizning davlat ramzlari” kabi kitoblar, davlat hujjatlari va gazeta, jurnallardan foto-suratlar namoyish etilgan.

Ko‘rgazma bilan tanishgan kutubxona foydalanuvchilari O‘zbekiston Respublikasi davlatchilik tarixi, Davlat ramzlarining shakllanishi jihatlari va har bir mamlakat uchun gerbning ahamiyati va mohiyati haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati