O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ye.Betger bibliografik faoliyatiga doir adabiyotlar ko‘rgazmasi

2019 yil 28 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “” o‘qish zalida tarixchi va sharqshunos olim, bibliograf, kitobshunos Yevgeniy  Karlovich  Betger hayotiga va faoliyatiga bag‘ishlangan adabiyotlar ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada Ye.K.Betgerning kitoblari, ilmiy izlanishlari, ilmiy risolalari, o‘quv qo‘llanmalari va uning faoliyati haqida xotira-kitoblar o‘rin oldi.

Taniqli kitobshunos, bibliograf, kutubxonashunos, sharqshunos-tarjimon va muallim Yevgeniy Karlovich Betger 1887 yil 30 iyunda Toshkentda nemis immigrant oilasida tug‘ildi. 1905 yili Toshkent erkaklar gimnaziyasini tugatdi. 1920 – 1924 yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida sharq tillarini mukammal o‘rgandi. 1914-1918 yillarda Toshkent erkaklar gimnaziyasida rus tili va adabiyoti muallimi sifatida mehnat faoliyatini boshladi. 1915 yilla Betger kutubxonachilik sohasida ish boshladi, dastlab Rus Geografiya jamiyatining Turkiston bo‘limida kutubxonachi bo‘lib ishladi va bir vaqtning o‘zida jamiyat a’zosi sifatida xazinachi vazifalarini bajardi. Uning xizmati bilan kutubxona ishi jonlandi, kitoblarni joylashtirish, ularga kartochkalar yozish, predmet katalogini tuzish ishlarini boshladi. Kutubxona fondini olimlar yordamida 10 mingdan oshirdi.

Ye.K.Betger bibliografik ko‘rsatkichlardagi mavjud UDK iqtibozlarini birma-bir qo‘lda yozib chiqib, yagona jadval holiga keltirdi va 1918 yil yozida milliy Turkiston kutubxonalari xodimlari uchun “Universal o‘nlik klassifikatsiyasi” risolasini chop etdi. Uning ishi bilan tanishib chiqqan Bryussel Xalqaro kutubxona instituti tadqiqotchilari Betgerga amalga oshirgan  ishlari uchun tashakkur izhor etdilar va novatorlik g‘oyalarini tan olganliklarini aytdilar. Risolaga ilova qilingan uslubiy ishlanma uzoq yillar davomida UDK va boshqa kutubxona texnikasida Turkiston kutubxona fondlari xodimlari uchun yagona qo‘llanma sifatida xizmat qilib kelgan.

Ye. K. Betger 1922 yildan 1931 yilga qadar Turkiston Xalq kutubxonasi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib, 1974 yilgacha ilmiy kotib, bo‘lim mudiri lavozimlarida ishladi. Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmatining tashkil etilishida buyuk o‘lkashunos, kitobshunos va bibliograf Ye.K.Betgerning xizmati beqiyos. U mazkur to‘plamni keyinchalik topilgan manbalar bilan to‘ldirib borar edi. 1952 yilda esa Ye.K.Betger Moskva kutubxonasi nodir nashrlar bo‘limida “Turkestanskiy sbornik”ning yana 29 jildini borligini aniqladi. Tadqiqot davomida ularning sarlavhalari va manba ko‘rsatkichlari to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi.  Betger ularni manbasi, sanasi va sohasi bo‘yicha ajratib tartibga soldi va barcha 29 jildga sohasi, mazmuni va manbalarda keltirilgan mualliflarning shaxsi bo‘yicha ko‘rsatkichlar tuzdi. 1953 yilda esa muqobili bo‘lmagan 594 jilddan iborat “Turkestanskiy sbornik” ilmiy ta’riflari va tavsiflari bilan Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasiga armug‘on etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasida, har yili o‘tkaziladigan “Infolib” Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Betger o‘qishlari” tashkil etiladi. Mazkur tadbir Ye.K.Betger xotirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, olimlar, axborot-kutubxona fanlari o‘qituvchilari va mutaxassis-amaliyotchilarning axborot-kutubxona muassasalari faoliyati, axborot-kutubxona xizmat ko‘rsatilishi, zamonaviy jamiyat infrastrukturasida foydalanuvchilarning axborot madaniyati va mediasavodxonligi g‘oyalarini tarqatishda roli va o‘rnini aniqlash, birlashtirish maqsadiga yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati