O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

2019 yil 20 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida umumxalq bayrami - Navro‘zga bag‘ishlangan va mazkur ayyom bilan bog‘liq milliy udumlar va urf-odatlar bilan tanishtiruvchi kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada Navro‘z milliy bayramining o‘ziga xosligi haqida hikoya qiluvchi kitoblar, jurnallar, risolalar hamda fotosuratlar taqdim etilgan.

Navro‘z bayrami juda qadimiy bayram sanaladi. Tarixchilarning fikricha, bu bayramning tarixi qariyb 3 ming yildan ziyod. Navro‘z asosan bahoriy tengkunlikda nishonlanadi. Navro‘z - tabiat uyg‘onishi ramzi, yangilanish, yasharish fasli, bu kunda qayta tiklanib, yangicha tus olgan xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analarimiz, turfa marosimlar o‘tkaziladi. Shu tariqa milliy meroslarimiz avlodlar qalbiga singib boradi. Navro‘z bayrami elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik, millatlaro ahillik, bag‘rikenglik ramzi, qalblarimizda ezgulik uyg‘otuvchi haqiqiy sharqona bayram sifatida nishonlanadi. Mustaqillik yillarida Navro‘z ayyomi umumxalq bayrami sifatida tan olindi. 2009 yilda Navro‘z bayrami YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 2010 yilda esa BMT Bosh Assambleyasi 21 mart kunini Xalqaro Navruz kuni deb e’lon qildi va barcha mamlakatlarni mazkur qadimiy bayramni dunyoda keng tarag‘ib etishga chaqirdi.

Kitob-rasmli ko‘rgazmada Navro‘z milliy bayramining qadim tarixi, milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq jihatlari, madaniy-ma’rifiy hayotimizda tutgan o‘rni, unig o‘ziga xosligi haqida hikoya qiluvchi kitoblar, jurnallar va risolalar taqdim etilgan. Ko‘rgazmadan joy olgan rasmlarda tabiatning uyg‘onishi, bahorning faslining kelishi, bayram tantanalari, xalq sayllari, bayram toamlari tayyorlanish jarayoni, xalq musobaqalari va bshq. muhrlangan.

“Navro‘znoma”, “Navro‘z”, “Navro‘z dasturxoni” kitoblari ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarga bayram tarixi va asl Navro‘z taomlari haqida hikoya qilsa, “O‘zbek udumlari”, “O‘zbekiston bayramlari”, “Navro‘z tarixidan lavhalar”, “Navro‘z naqli”, “Bahor bayramlari. Navro‘z hikmatlari. Navro‘z dasturxoni”, “Navro‘z haftanomasi”, “Navro‘z va tabiat sirlari” va “Bayralarimiz” kitoblari milliy qadriyatlarimiz va o‘zbek xalqining ijtimoiy taraqqiyoti, xalq bayramlarining ma’naviy ahamiyati  va Navro‘z xikmatlari bilan tanishtiradi. Shuningdek ko‘rgazmada Navro‘z haqida she’riy to‘plamlar, bayram ssenariylari va reportajlar o‘rin olgan.

Navro‘z ayyomi munosabati bilan taqdim etilgan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar bayram to‘g‘risida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar va Navro‘z bayrami to‘g‘risida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mavjud rasmlarga, tarixiy va ensiklopedik ma’lumotlarga boy o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi kitoblar bilan tanishdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati