Toshkentda “Navro‘z” kitob bayrami shiori ostida tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda

2019 yil 19 mart kuni Toshkent shahrida “Navro‘z” kitob bayrami xayriya aksiyasiga start berildi. Mazkur aksiya O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent shahar hokimligi ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir “Kitob asri” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. “Kitob asri” aksiyasi noshirlar, kitob savdosi tashkilotlari va kitobxon yoshlar o‘rtasida har yilda bir marta o‘tkaziladigan ilmiy-ijodiy va iqtisodiy hamkorlik, tajriba va fikr almashish xarakteriga ega bo‘lgan loyiha hisoblanadi. Loyihaning asosiy maqsadi noshirlar va kitob savdosi tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy va iqtisodiy hamkorlik muhiti va aloqalarini shakllantirish, o‘zaro tajriba almashish va biznes faoliyat olib borishda bir-biriga ko‘maklashishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish, ularni kitob sanoati taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish, shuningdek yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishdan iboratdir.

Loyiha doirasida “Yoshlar ijod saroyi”da taniqli adiblar va adabiyot namoyondalari bilan ijodiy uchrashuv, shuningdek, kitob sanoati, noshirlik va kitobxonlikka bag‘ishlangan ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘qish zallari xizmati bosh mutaxassisi M.Murodova “Axborot-kutubxona muassasalarida xizmat ko‘rsatishning zamonaviy turlari” mavzusida taqdimot bilan qatnashib, an’anaviy ko‘rgazmalarni tashkil etish va virtual ko‘rgazmalarni yaratishning o‘ziga xos texnik jixatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati